Qaysi holatlarda talabalar stipendiyadan mahrum bo‘lishi mumkin?
Bugungi kunda O‘zbekiston oliygoh talabalari uchun belgilangan stipendiya miqdori 517 880 so‘mni tashkil etadi. Davlat granti asosida tahsil olayotgan hamda stipendiyali shartnoma asosida o‘qiyotgan talabalar aynan shu miqdorda stipendiya olishadi.
Agar talaba bir semestr davomida barcha fanlarni faqat aʼlo baho — “5” (86 ball va undan yuqori) bilan yopsa, unga qo‘shimcha rag‘bat sifatida 6 oy mobaynida har oyda stipendiyaning 20 foizi, yaʼni 103 576 so‘m miqdorida qo‘shimcha stipendiya tayinlanadi. Shunday qilib, umumiy stipendiya 621 456 so‘mni tashkil qilishi mumkin.
Ammo agar talaba o‘qish davomida kamida 30 foiz fanlardan “3” baho olsa, u stipendiyadan mahrum qilinadi. Masalan, agar semestr davomida 6 ta fan bo‘lsa va talaba ulardan 2 tasida “3” baho olsa, bu 33,3 foizni tashkil etadi va talaba stipendiyani ololmaydi.