post-thumb

Imtiyozli ta'lim krediti foizi ko'tarildi

Markaziy bank boshqaruvi oʻzining rasmiy sahifasida, 2025-yil 20-martdagi yigʼilishida asosiy stavkani 0,5 foiz bandga oshirib, yillik 14 foiz darajasida belgilash toʼgʼrisida qaror qabul qilganligini eʼlon qildi.

Qoidaga ko'ra, amaldagi kredit shartnomalar uchun foiz o‘zgarmaydi (yaʼni ko‘tarilmaydi).

Yangi ta'lim krediti olmoqchi bo‘lgan talabalar uchun esa Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida (14%) ajratiladi.

Mazkur koʻrsatkichlar shunday izohlandi:

2025-yil boshidan umumiy inflyatsiya darajasi oʻsib, fevral oyi yakuni boʻyicha yillik 10.1 foizni tashkil etgan.

Ushbu dinamika ayrim tovar va xizmatlar narxlarining oʼsishi hisobiga yuzaga keldi. Xususan, yoqilgʼi narxlari, kommunal, transport, taʼlim va tibbiy xizmatlar tariflari oshishi inflyatsion kutilmalarga ham oshiruvchi taʼsir koʼrsatdi va fevral oyida aholining inflyatsion kutilmalari 15,3 foizga, tadbirkorlik subʼektlarining kutilmalari esa 13,8 foizga teng boʼldi.

Soʼnggi oylarda xizmatlar inflyatsiyasi yuqori darajada shakllanishi iqtisodiyotda yalpi talab omillari, jumladan, transchegaraviy pul oʼtkazmalari va aholiga ajratilgan kreditlar faollashib borayotganligi bilan izohlanadi. Bu, oʼz navbatida, chakana savdo aylanmasi hamda pullik xizmatlardan tushumlar dinamikasida ham namoyon boʼlmoqda.

Iqtisodiyotdagi inflyatsion jarayonlarni maqbullashtirish hamda yalpi talab va taklif orasidagi muvozanatni taʼminlash pul-kredit sharoitlari qatʼiylik darajasini oshirishni taqozo etmoqda.

Yuqoridagi omillarni hisobga olgan holda, Markaziy bank boshqaruvi oʼrta muddatli istiqbolda narxlar barqarorligini taʼminlash maqsadida asosiy stavkani 0,5 foiz bandga oshirib, yillik 14 foiz darajasida belgilash toʼgʼrisida qaror qabul qildi.

Eslatib oʻtamiz, xotin-qizlar uchun ta'lim krediti (0%) foizsiz.

Kanalga ulanish