Oʻzbekistonda Britaniya Huquqshunoslik universiteti filiali tashkil etilishi mumkin
Dunyo axborot agentligining maʼlum qilishicha, Oʻzbekiston elchisi Ravshan Usmanov Buyuk Britaniyaning Huquqshunoslik universiteti (University of Law) prorektori, professor Piter Krisp bilan muzokara o'tkazgan.
Maʼlum boʻlishicha, mazkur universitet va O'zbekiston oliy ta'lim va ilmiy tadqiqotlar muassasalari o'rtasida hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'yish, jumladan, ikki tomonlama diplom berish dasturini amalga oshirish, Huquqshunoslik universitetining ta'lim va o'quv dasturlarini yurtimizda joriy etish masalalari muhokama qilingan.
Uchrashuv davomida, prorektor Piter Krisp O'zbekistonda bir necha bor bo'lgani, mintaqa bilan yaqindan tanish ekanini va Britaniya ta'lim standartlarini joriy etishdan manfaatdorligini ta'kidlagan.
Shu bilan birga, joriy yil 29-30-may kunlari Toshkentda o'tkazilishi rejalashtirilgan "IV International Legal Forum "Tashkent Law Spring" tadbiri to'g'risida ma'lumotlar berilgan va hamkorliklarni jadallashtirishga kelishib olingan.
Maʼlumot oʻrnida, University of Law 1903-yilda huquqshunoslik instituti sifatida tashkil etilgan. 2012-yilda esa universitet maqomi berilgan. Hozirgi kunda ushbu ta'lim muassasasida 16 ming nafarga yaqin talabalar tahsil olmoqda. Muassasada salkam ikki ming professor-o'qituvchi va mutaxassislar faoliyat yuritadi. Unda huquqshunoslik yo'nalishlari bilan birga, biznes boshqaruvi sohalarida ham saboq beriladi. Universitetning Germaniya va Gongkongda o'z filiallari bor.