Sertifikatingiz bo‘lsa ham, o‘qishni ko‘chirishda imtihon topshirish shart
Agar siz xorijiy oliy taʼlim muassasasida tahsil olayotgan bo‘lsangiz va o‘qishingizni O‘zbekiston Respublikasidagi oliy taʼlim muassasasiga ko‘chirmoqchi bo‘lsangiz, shuni bilingki — tegishli fanlardan sertifikatingiz bo‘lsa ham, imtihondan ozod etilmaysiz.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bunday talabalar ko‘chirilayotgan oliy ta’lim muassasasining o‘qitish tilida o‘qishga kirish fanlari bo‘yicha maxsus sinovdan o‘tadi. Ushbu sinovlar komissiya tomonidan test, yozma ish yoki kasbiy (ijodiy) imtihon shaklida belgilanadi.
Sinov 2 ta mutaxassislik va 3 ta majburiy fan bo‘yicha tashkil etiladi. Umumiy hisobda 90 ta test topshirig‘i berilib, ularni bajarish va javoblarni ko‘chirish uchun 3 soat vaqt ajratiladi.
Agar ko‘chirilayotgan taʼlim muassasasida siz o‘qigan til mavjud bo‘lmasa, yangi o‘qitish tili sizning arizangiz asosida tanlanadi.
Eng muhim jihat shundaki — sizda xalqaro yoki milliy tan olingan sertifikatlar bo‘lsa ham, ular sizni mutaxassislik yoki majburiy fanlardan test yoki ijodiy imtihon topshirishdan ozod etmaydi. Bu imtihonlar sizning ushbu fanlar bo‘yicha bilim darajangizni aniqlash uchun muhim hisoblanadi.