"El-yurt umidi" jamg‘armasi qayta tashkil etildi
2025-yil 5-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-77-sonli farmoni bilan “Iqtidorli mutaxassislarning xorijda ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish va rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” hujjat imzolandi. Ushbu farmon asosida “El-yurt umidi” jamg‘armasi yangidan tashkil etildi va uning faoliyat doirasi kengaytirildi.
Jamg‘armaning asosiy maqsadi va vazifalari
“El-yurt umidi” jamg‘armasining bosh maqsadi — professional, chuqur bilimga ega, zamonaviy fikrlaydigan va vatanparvar mutaxassislarni tayyorlashdir. Jamg‘arma quyidagi yo‘nalishlarda faoliyat yuritadi:
-
Kadrlar bozoridagi ehtiyojlarni tizimli o‘rganish, istiqbolli sohalar uchun yetuk mutaxassislarni yetishtirish;
-
Nomzodlarni vazirliklar, idoralar va strategik korxonalar ehtiyojlariga mos professional yo‘naltirish;
-
Xorijda ta’lim olgan stipendiatlarni O‘zbekistonga qaytgach, mehnat faoliyati va ijtimoiy himoya masalalarida qo‘llab-quvvatlash;
-
Stipendiatlar salohiyatidan xalqaro miqyosda O‘zbekiston imijini mustahkamlash uchun samarali foydalanish.
2025-yil 1-sentyabrdan amaliy ishlar boshlanadi
Farmonga muvofiq, 2025-yil 1-sentyabrdan boshlab:
-
Strategik tarmoqlar va korxonalar ehtiyojlariga mos ravishda stajirovkaga yuboriladigan nomzodlar ro‘yxati shakllantiriladi;
-
Stajirovkalar uchun xorijiy tashkilotlar va muddatlar “El-yurt umidi” jamg‘armasi hamda buyurtmachilar bilan hamkorlikda belgilanadi;
-
Nomzodlar uchun xorijiy tillarni o‘rganish bo‘yicha zarur sharoitlar yaratiladi.
Stipendiya ajratish tartibi
“El-yurt umidi” stipendiyasi ochiq tanlov asosida test sinovlari va suhbatlar orqali belgilanadi. Sinovlar davomida nomzodlarning:
-
intellektual salohiyati,
-
tahlil qilish va kreativlik qobiliyati,
-
psixologik barqarorligi baholanadi.
Nufuzli oliy ta’lim muassasalari uchun imtiyozlar
-
Farmonga ko‘ra, xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinda turgan oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida o‘qish imkoniyatlari yanada qulaylashadi:
-
Dunyoning eng yaxshi 100 taligiga kirgan universitetlarda grant asosida o‘qishga qabul qilingan nomzodlarga barcha o‘qish xarajatlari (tuition fee) “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan qoplab beriladi (tanlovsizlik asosida);
-
Top-300 reytingidagi xorijiy universitetlar va ilmiy-tadqiqot muassasalariga qabul qilingan talabalar uchun xalqaro transport va turarjoy xarajatlari “El-yurt umidi” jamg‘armasi hisobidan to‘lanadi;
-
Dunyoning eng yaxshi 20 universitetlari bakalavriat dasturlariga kamida 50 foiz grant asosida o‘qishga kirgan Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar bitiruvchilariga jamg‘arma stipendiyalari tanlovsiz ajratiladi.
“El-yurt umidi” jamg‘armasining qayta tashkil etilishi va kengaytirilgan imkoniyatlari O‘zbekistonning iqtidorli yoshlariga chet elda ta’lim olish, kasbiy o‘sish va yurt ravnaqiga xizmat qilish uchun keng yo‘l ochadi. Bu islohot — ta’lim sifati, zamonaviy bilim va global raqobatbardoshlikni ta’minlashga qaratilgan muhim qadamdir.