2025-yilda 30 mingdan ortiq talabani turar joy bilan ta’minlash rejalashtirilgan – vazir
2025-yilda Oʻzbekistondagi oliy oʻquv yurtlarining 30 mingdan ortiq talabasi zamonaviy yotoqxonalarga joylashadi. Bu haqda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov prezident bilan uchrashuvdan soʻng maʼlum qilgan.
“Respublikamizda bugungi kunda talabalarning 50 foizdan ortigʻi yotoqxona yoʻqligi sabab ijarada turyapti. Prezidentimiz ularni yaqin yillarda zamonaviy xizmat koʻrsatadigan yotoqxonalar bilan taʼminlash vazifasini qoʻydi”, — deydi u “Oʻzbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida.
“Respublikamizda bugungi kunda talabalarning 50 foizdan ortigʻi yotoqxona yoʻqligi sabab ijarada turyapti. Prezidentimiz ularni yaqin yillarda zamonaviy xizmat koʻrsatadigan yotoqxonalar bilan taʼminlash vazifasini qoʻydi”, — deydi u “Oʻzbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida.
Ma’lumotlarga ko’ra, oxirgi uch yilda mazkur yoʻnalishda 57 ta loyiha amalga oshirilib, 30 mingdan ortiq talabalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida yotoqxonalar qurildi va taʼmirlangan.
“Bular oldingilariga qaraganda ancha zamonaviyroq yotoqxonalar boʻlgani uchun bu boradagi ishlarni kengaytirish boʻyicha topshiriq berildi. Endi 2025-yilda 46 ta yotoqxonani davlat-xususiy sheriklik asosida ishga tushirishimiz kerak. Bunda biz 30 mingdan ortiq yoshlarimizni yotoqxona bilan taʼminlaymiz”, – dedi Kongratbay Sharipov
Bundan tashqari, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) bilan hamkorlikda 9336 oʻrinli sakkizta zamonaviy yotoqxona qurish rejalashtirilmoqda.
“Prezidentimiz yotoqxonalar Yevropa standartlariga javob berishi, ularda barcha qulayliklar, qoʻshimcha xizmatlar, kechayu kunduz bilim olish imkonini beradigan tizim boʻlishi kerakligiga alohida urgʻu berdi”, — degan Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vaziri
Vazir yotoqxonalarni toʻliq “yashil” energiya taʼminotiga oʻtkazish koʻzlanganini bildirgan.
Prezidentning 30-avgustdagi 2024−2030-yillarda davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish toʻgʻrisidagi qaroriga koʻra, YETTB va boshqa moliya tashkilotlari koʻmagida Toshkent shahrida 17 ming oʻrinli yotoqxonalar qurish rejalashtirilgan. Loyihaning qiymati 176 mln dollarga baholanmoqda.
2024/2025 oʻquv yilidan boshlab talabalar turar joyidagi oʻrinlar faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz orqali elektron ariza asosida taqdim etiladi.